Asosiy mazmunga oʻtish

Huquqiy hujjat

Maxfiylik siyosati

Qanday maʼlumotlar yigʻiladi, ular nima uchun ishlatiladi va siz ularni qanday boshqarishingiz mumkin.

Kuchga kirish sanasi: Versiya: 1.0

Qisqacha

  • Faqat oʻqish uchun kerakli maʼlumotlarni yigʻamiz: telefon raqami, ism va oʻqish natijalari.
  • Maʼlumotlaringizni sotmaymiz va reklama uchun ishlatmaymiz.
  • Karta maʼlumotlari bizga yetib kelmaydi: toʻlov Payme yoki Click sahifasida.
  • AI soʻrovlariga ismingiz va telefon raqamingiz yuborilmaydi.
  • Hisobni istalgan vaqtda oʻchirishingiz mumkin: ilovada darhol, ilovasiz esa yordam boti orqali.

1. Umumiy qoidalar

Ushbu siyosat Bedana (ingliz, rus, koreys va xitoy tillarini oʻrgatadigan ilova) maʼlumotlaringizni qanday yigʻishi, ishlatishi va himoya qilishini tushuntiradi. U bedana.app saytiga, Telegramdagi Bedana ilovasiga, brauzerdagi veb-ilovaga hamda Android va iOS ilovalariga taalluqli.

Maʼlumotlaringiz uchun Bedana javob beradi (keyingi oʻrinlarda «biz»). Bogʻlanish yoʻllari sahifa oxiridagi «Aloqa» boʻlimida.

Maʼlumotlaringizni sotmaymiz va reklama uchun ishlatmaymiz. Ilovada reklama ham, begona kuzatuv vositalari ham yoʻq.

2. Yigʻiladigan maʼlumotlar

Faqat xizmat ishlashi uchun kerakli maʼlumotlarni yigʻamiz:

  • Hisob: tasdiqlangan telefon raqami, oʻzingiz kiritgan ism; Telegram orqali kirsangiz, Telegram identifikatori va foydalanuvchi nomi. Kirish bir martalik kod bilan amalga oshadi.
  • Oʻqish faoliyati: oʻrganish uchun tanlagan tilingiz, koʻrilgan darslar, mashq javoblari va natijalari, takrorlash jadvali, faol daqiqalar, kunlik maqsad, yutuqlar va haftalik hisobotlar.
  • Ovoz va rasm: talaffuz mashqidagi ovoz yozuvi baholash uchun yuboriladi; hisobingizda faqat natija qoladi, yozuvning oʻzi saqlanmaydi. Yozish mashqida daftaringiz rasmini yuborsangiz, rasm tekshiruv uchun saqlanadi.
  • AI bilan muloqot: «Nega xato?» savollaringiz, rol oʻyinidagi javoblaringiz va AI bergan javoblar.
  • Toʻlovlar: Bedana Plus buyurtmalari: tarif, summa, toʻlov tizimi (Payme yoki Click) va holati. Karta maʼlumotlari bizga yetib kelmaydi.
  • Yordam: yordam botiga yozgan xabarlaringiz, rasm va ovozli xabarlar.
  • Bildirishnomalar: Android yoki iOS ilovasida eslatmalarga ruxsat bersangiz, qurilmaning bildirishnoma manzili.
  • Texnik maʼlumotlar: kirish seanslari (qurilma, brauzer yoki ilova turi, IP manzil) va ilovadagi xatoliklar haqidagi hisobotlar.

Joylashuvingiz, telefoningizdagi kontaktlar va boshqa ilovalardagi faoliyatingiz yigʻilmaydi. Mikrofon va kamera faqat mashqni oʻzingiz boshlaganingizda va ruxsat berganingizda ishlaydi.

3. Maʼlumotlardan foydalanish maqsadlari

  • hisobingizni ochish va unga xavfsiz kirish (bitta tasdiqlangan raqamga bitta hisob);
  • darslar, mashqlar va takrorlashni natijalaringizga moslash;
  • eslatmalar, xabarlar va haftalik hisobotni yuborish;
  • Bedana Plus toʻlovini tasdiqlash va obuna muddatini hisoblash;
  • yordam soʻrovlaringizga javob berish;
  • xatoliklarni topish, firibgarlik va suiisteʼmolning oldini olish;
  • kurslarni yaxshilash: buning uchun faqat umumlashtirilgan, shaxsni koʻrsatmaydigan statistikadan foydalanamiz.

4. Sunʼiy intellekt (AI)

«Nega xato?» tushuntirishlari, rol oʻyinlari va daftar rasmini tekshirish Anthropic kompaniyasining Claude modeli yordamida tayyorlanadi (bevosita yoki OpenRouter xizmati orqali). Modelga faqat shu vazifa uchun kerakli narsa yuboriladi: mashq, javobingiz, dars mazmuni yoki daftar rasmi. Ismingiz va telefon raqamingiz yuborilmaydi.

Talaffuz Microsoft Azure Speech xizmatida baholanadi: unga ovoz yozuvi, tekshiriladigan soʻz yoki ibora va u qaysi tilda ekani yuboriladi.

AI javoblari doim «AI» deb belgilanadi. Darsni oʻzlashtirganingiz AI fikriga emas, mashq natijangizga qarab belgilanadi.

5. Xizmat koʻrsatuvchilar

Maʼlumotlaringiz biz uchun ishlaydigan quyidagi xizmatlar orqali oʻtadi. Ular maʼlumotni faqat shu xizmatni koʻrsatish uchun oladi:

  • Supabase: maʼlumotlar bazasi, fayllar va kirish tizimi;
  • Cloudflare: sayt va ilovani yetkazish, dars videolari (ayrim avvalgi videolar Kinescope orqali koʻrsatiladi);
  • Telegram: Telegramdagi ilova, kirish kodlari, eslatmalar va yordam boti;
  • Eskiz: SMS orqali kirish kodlari;
  • Payme va Click: toʻlov ularning oʻz sahifasida amalga oshadi;
  • Anthropic (Claude) va OpenRouter: AI tushuntirishlar, rol oʻyinlari va daftar tekshiruvi;
  • Microsoft Azure Speech: talaffuzni baholash;
  • Sentry: xatoliklar hisobotlari (faqat hisob identifikatori bilan; ism, telefon raqami va kodlar yuborilmaydi);
  • Google Firebase Cloud Messaging va Apple Push Notification service: Android va iOS ilovalariga bildirishnomalar.

Davlat organlariga maʼlumot faqat Oʻzbekiston qonunchiligida belgilangan hollarda va tartibda beriladi.

6. Xalqaro uzatish

Bu xizmatlarning serverlari Oʻzbekistondan tashqarida: maʼlumotlar bazasi Germaniyada (Frankfurt), talaffuzni baholash Shvetsiyada, AI va xatoliklar hisobotlari AQShda, sayt va videolar Cloudflareʼning dunyo boʻylab tarmogʻida. Har bir uzatish shifrlangan aloqa orqali amalga oshadi.

7. Saqlash muddati

  • Hisob va oʻqish maʼlumotlari hisobingiz mavjud ekan saqlanadi.
  • Hisobni ilovada oʻchirsangiz, ular darhol oʻchiriladi; yordam xizmati orqali soʻrasangiz, 30 kun ichida.
  • Toʻlov buyurtmalari qonun talab qilgani uchun saqlanadi, lekin hisobingizdan ajratiladi.
  • Kirish kodlari jurnali (telefon raqami, vaqt, yuborish usuli) va hisob oʻchirilgani haqidagi qayd xavfsizlik hamda suiisteʼmolning oldini olish uchun saqlanadi.
  • Xatoliklar hisobotlari cheklangan muddat saqlanadi va keyin oʻz-oʻzidan oʻchadi.
  • Telegram botdagi suhbat Telegramʼning oʻzida qoladi: uni Telegramʼda oʻzingiz oʻchirasiz.

8. Xavfsizlik

  • Barcha aloqa shifrlangan (HTTPS); ilovalar shifrlanmagan ulanishni qabul qilmaydi.
  • Har bir foydalanuvchi faqat oʻz maʼlumotlarini koʻradi; bu maʼlumotlar bazasining oʻzida tekshiriladi.
  • Xodimlar maʼlumotlarga faqat vazifasi talab qilgan darajada kiradi, ularning amallari jurnalga yoziladi.
  • Kirish uchun bir martalik kod ishlatiladi: u qisqa muddat amal qiladi va urinishlar soni cheklangan.
  • Daftar rasmlari yopiq omborda saqlanadi; karta maʼlumotlari bizda umuman boʻlmaydi.

9. Sizning huquqlaringiz

  • Koʻrish: natijalaringiz, obunangiz va hisob maʼlumotlaringiz ilovaning «Profil» boʻlimida.
  • Tuzatish: ism va telefon raqami «Profil → Hisob sozlamalari»da oʻzgartiriladi.
  • Nusxa olish: maʼlumotlaringiz nusxasini olish uchun yordam botiga yozing.
  • Ruxsatni qaytarib olish: bildirishnomalar, mikrofon va kameraga ruxsatni istalgan vaqtda qurilma sozlamalarida oʻchirasiz.
  • Oʻchirish: keyingi boʻlimga qarang.

Soʻrovlaringizga 30 kun ichida javob beramiz.

10. Hisobni oʻchirish

Ilovada: Profil → Hisob sozlamalari → Hisobni oʻchirish. Hisob darhol oʻchiriladi va uni qaytarib boʻlmaydi; toʻlangan Plus kunlari qaytarilmaydi.

Ilovasiz: yordam botiga yozing, hisobingizni 30 kun ichida oʻchiramiz. Hisobni oʻchirish tartibi

Oʻchiriladi: profil, ism va telefon raqami bogʻlanishi, oʻqish natijalari, lugʻat, rasmlar, eslatmalar va xabarlar. Saqlanadi: hisobdan ajratilgan toʻlov yozuvlari va hisob oʻchirilgani haqidagi qayd.

11. Bolalar

Bedana kattalar uchun: xizmat 18 yoshdan katta foydalanuvchilarga moʻljallangan. Bolalardan bila turib maʼlumot yigʻmaymiz; bola hisob ochgani maʼlum boʻlsa, hisobni oʻchiramiz.

12. Siyosatning oʻzgarishi

Siyosat oʻzgarsa, yangi matn shu sahifada yangi sana va versiya bilan eʼlon qilinadi. Muhim oʻzgarishlar haqida ilovada ham xabar beramiz.

Aloqa

Ushbu hujjat boʻyicha maʼlumotlaringiz uchun Bedana javob beradi. Savol, soʻrov yoki shikoyat boʻlsa, bizga yozing: